Kulol Abdurahim G‘ofurovning “LAGANDAGI BO‘YOQLAR RAQSI” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi
2026-yil 11-iyun kuni soat 17:00 da O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi katta ko‘rgazmalar zalida kulol Abdurahim G‘ofurovning “LAGANDAGI BO‘YOQLAR RAQSI” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Rasm izohi
1954-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan Abdurahim G‘ofurovning hayot yo‘li matonat va ijodga sadoqat namunasi hisoblanadi. Bolaligida eshitish qobiliyatidan ayrilganiga qaramay, u mustaqil ravishda tasviriy san’at sirlarini o‘rganib, keyinchalik kulolchilik va badiiy bezak san’atida o‘ziga xos uslub yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Rasm izohi
U mehnat faoliyatini 1973-yilda M. Rahimov nomidagi Toshkent badiiy keramika tajriba kombinatida rassom sifatida boshlagan. Shuningdek, Alisher Navoiy metro bekati bezaklarini yaratishda ham o‘z hissasini qo‘shgan. Bugungi kunda ustaning 50 yillik ijodiy faoliyati davomida yaratilgan noyob sopol buyumlari jamlangan uy-muzeyi mahalliy va xorijiy mehmonlarning sevimli maskaniga aylangan.
Ko‘rgazmada kulolning turli yillarda yaratilgan “Mazayka”, “Dil bayoni – Dast bakor”, “Bodom”, “Ko‘z”, “Toshlar jilosi”, “Fantaziya”, “Qalampir”, “Humo” va “Laganlar jilosi” kabi asarlari hamda 80 dan ortiq turli shakldagi laganlari namoyish etilmoqda.
Rasm izohi
Ko‘rgazma 21-iyunga qadar davom etadi.
Kirish bepul.
Manzil: Yusuf Xos Hojib ko‘chasi, 37A, Toshkent shahri.